Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi, parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil qadam qoʻyiladi
Yangilanayotgan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va masʼuliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.
Parlament palatalarining vakolatlari qayta koʻrib chiqilmoqda. Unga koʻra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining masʼuliyat sohasi aniq belgilanmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga koʻpaymoqda.
Hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish, Davlat byudjeti ijrosiga oid masalalar Qonunchilik palatasining vakolatiga, hududlar manfaati va ularni rivojlantirish, yangi vazirliklar tashkil qilish toʻgʻrisidagi farmonlarni tasdiqlash masalalari esa Senat vakolatlari doirasiga taalluqli ekanligi mustahkamlanishi shular jumlasidandir.
Senat oldiga qoʻyilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish boʻyicha normalar Konstitutsiyada koʻzda tutilmoqda. Xususan, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan teng ravishda 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilanmoqda.
Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida koʻrib chiqilishi, muddat oʻtib ketsa, ushbu qonun maʼqullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish boʻyicha norma kiritilmoqda.
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi S.B.Qultoʻrayev