You are currently viewing Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari toʻgʻrisida

Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari toʻgʻrisida

   Yangilanayotgan Konstitutsiyada Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanmoqda. Oʻlim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
    Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanyapti. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qoʻllanish koʻlami yanada kengayadi.
       Ilk bor shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (“Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.
        Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyilmoqda.
      Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar oʻz buzilgan huquq va erkinliklarini, oʻzgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan oʻzini himoya qilishda qoʻllaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlishidir.

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi                                   S.B.Qultoʻrayev