You are currently viewing Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

  Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilda tibbiyot sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatida Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali tashkil etildi. Bu yil ushbu oliygohning ilk, 294 nafar bitiruvchilari o‘qishni tamomlab, viloyatdagi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borishga hozirlik ko‘rishmoqda.

   Bugun Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali ilk bitiruvchilarining qasamyod qabul qilish tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi. Viloyat rahbari bitiruvchilarni tibbiyot oliygohini muvaffaqiyatli tamomlayotganliklari bilan tabriklab, ulardan o‘z qasamyodlariga sodiq qolib, insonlar sog‘ligini asrashda fidoyilik bilan mehnat qilishlarini so‘radi. O‘z tabrik so‘zi yakunida viloyat rahbari bitiruvchilarni vrach maqomini olayotganliklari bilan samimiy muborakbod etib, xalqimiz salomatligi yo‘lidagi sharafli ishlarida ulkan zafarlar tiladi.

   Shundan so‘ng, oliygoh bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi. Endilikda 294 nafar yosh shifokorlar Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida o‘z faoliyatlarini olib borishadi.