O‘tkazilgan seminarda FV Surxondaryo viloyati boshqarmasi vakillari podpolkovnik H.Qosimxo‘jayev va kapitan J.Vappayev, “Surxondaryo Gaz ta’minoti” filiali mutaxassisi B. Muqimov, Jamoat salomatligi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasi xodimi N.Ibragimov hamda Termiz shahar Tez yordam bo‘limi shifokori Ch.Azimov hamda filial professor-o‘qituvchilari, xodimlari, talaba-yoshlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida quyidagi mavzular bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi:
Is gazidan zaharlanishning oldini olish va profilaktik choralar.
Botulizm kasalligi, uning yuqish sabablari va birinchi yordam ko‘rsatish tartibi.
Mutasaddi tashkilotlar vakillarining tavsiyalari.
Seminarda ishtirokchilarga xonadonlarda isitish uskunalari va gaz jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari, ventilyatsiyaning to‘g‘ri ishlashi hamda uskunalarni muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazib turish zarurligi haqida batafsil tushuntirildi. Shuningdek, gaz qurilmalarini ruxsatsiz o‘zgartirish xavfi, gaz sizib chiqish belgilari va Avariya xizmati 104 raqamiga murojaat qilish tartibi eslatib o‘tildi.
Tibbiyot mutaxassisi botulizmning kelib chiqish sabablari, xususan, noto‘g‘ri saqlangan konserva mahsulotlari orqali yuqish ehtimoli haqida ogohlantirib, dastlabki belgilari va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish bosqichlarini tushuntirdi.
Tez yordam shifokori esa is gazidan zaharlanish yoki botulizm belgilari kuzatilganda birinchi yordam ko‘rsatish tartibini amaliy misollar bilan ko‘rsatib berdi.