You are currently viewing Direktor murojati

Direktor murojati

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali direktori Otamuradov Furqat Abdukarimovichning tibbiyot talababalari ota onalar va shifokor pedagoglarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan murojati

Tibbiyot talaba-yoshlari, aziz ota-onalar va hurmatli shifokor-pedagoglar!

Bugungi kunda tibbiyot sohasi mamlakatimiz taraqqiyotida, yurtimiz aholisi salomatligini saqlash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda eng muhim ustunlardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar – ertangi malakali shifokorlar sifatida jamiyatimiz salomatligining asosiy tayanchi hisoblanadi. Shunday bir sharoitda, giyohvandlik va unga bog‘liq jinoyatlar nafaqat shaxs salomatligiga, balki butun oila, jamoa va mamlakat kelajagiga katta xavf tug‘dirmoqda. Bu illatga qarshi kurashish – barchamizning umumiy vazifamizdir.

Qadrli talaba-yoshlar!

Sizlar kelajakda inson hayotini asrab qoladigan, jamiyatga salomatlik va umid ulashadigan mutaxassislarsiz. Shu bois, har biringiz avvalo o‘z sog‘lig‘ingizni, o‘z ongingizni va o‘z kelajagingizni himoya qilishingiz zarur. Tibbiyot talaba sifatida har biringiz o‘zingiz uchun namuna bo‘lish bilan birga, atrofdagilarga ham sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish mas’uliyatini olib yurasiz. Sizlar tomonidan qilingan har bir ogohlantirish, har bir tushuntirish bir insonni xato yo‘ldan qaytarishi mumkin.

Hurmatli ota-onalar!

Farzand tarbiyasidagi mehr, e’tibor va muloqot – ularni har qanday zararli illatdan asrashda eng kuchli qalqondir. Farzandlaringiz bilan ko‘proq suhbat qiling, ularning atrof-muhitini, qiziqishlarini, do‘stlarini bilib yuring. Farzandning har qanday o‘zgargan holati, kayfiyati, odatlari bejiz emas.

Aziz shifokor-pedagoglar!

Sizlar – nafaqat bilim beruvchi mutaxassislar, balki tibbiyot talabasining ma’naviy tarbiyasida eng kuchli omillardan birisiz. O‘quv jarayonida giyohvandlikning biologik, psixologik va ijtimoiy oqibatlarini chuqur tushuntirish, har bir talabaning ongida hushyorlik va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish nihoyatda muhimdir.
Shuni unutmasligimiz kerakki: giyohvandlikka qarshi kurash – bu shunchaki tashkiliy tadbir emas, balki jamiyatning har bir a’zosidan qat’iy pozitsiya va yuksak mas’uliyat talab qiladigan umumxalq vazifasidir.

Qadrli hamkasblar va yurtdoshlar!

Giyohvandlik va narkojinoyatlar ko‘lamini qisqartirish – faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki tibbiyot tizimining vazifasi emas. Bu – barchamizdan birdek tashabbus, hamjihatlik va qat’iyat talab etadi.

E’tiboringiz uchun minnatdorchilik bildiraman.
Barchamizni sog‘lom va farovon kelajak uchun birgalikda harakat qilishga chorlayman!

Otamuradov Furqat Abdukarimovich
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali direktori