Dual ta’lim – bu talabalarning oliy ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni egallashlari bilan bir vaqtning o‘zida, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha amaliyot o‘tash, amaliy kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkoniyatini beruvchi samarali tizimdir.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filialida ushbu tizim izchil yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bakalavriat, klinik ordinatura, magistratura talabalarining etuk mutaxassis bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutadi.
Joriy yilning 6-dekabr kuni Pediatriya fakulteti 5-kurs talabalari Neonatologiya fanidan dual ta’lim dasturi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filialining Chaqaloqlar reanimatsiyasi, Ginekologiya, Skrining markazi bo‘limlarida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi.
Pediatriya fakulteti klinik ordinatorlari, 5-bosqich talabalari chaqaloqlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning morfo-funktsional yetilganlik holatini baholash, chalalik darajasini tashxislash yosh onalar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish kabi mashg‘ulotlarda faol qatnashdilar.
Talabalar chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limida o‘tkazilgan amaliy dars jarayonida bevosita amaliyotlarni kuzatib, kyuvezda chala tug‘ilgan chaqaloqlarni monitoringi, oksigenoterapiya, zond orqali ovqatlantirish, Pulsoksimetriya apparatidan foydalanish kabi amaliy jarayonlarining o‘rgandilar, tibbiy asbob-uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish kabi jarayonlarning mohiyati bilan tanishdilar.
Eng e’tiborlisi, ular professor-o‘qituvchilari rahbarligida ushbu amaliy ko‘nikmalarni qadamba-qadam bajarishni o‘zlari mustaqil bajarib ko‘rishdi.
Akusherlik fanidan talabalar reproduktiv yoshdagi ayoldan akusherlik anamnezini yig‘ish, ko‘rikdan o‘tkazish ko‘nikmasini o‘rgandilar. Nafaqat ayollarni, balki bo‘lajak otalarni ham klinik tekshiruvdan o‘tkazish borasida UTT tekshiruvi jarayonida ishtirok etdilar.