Bugungi kunda Eron Islom Respublikasining Fors viloyati hokimi Xosseyn Ali Amiriy boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryo viloyatiga amaliy tashrifini davom ettirmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filialiga ham tashrif buyurdi.
Hurmatli mehmonlarni filial direktori F. Otamuradov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar jamoasi samimiy kutib oldi.
Uchrashuv davomida delegatsiya filialda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, axborot-resurs markazi, simulyatsiya xonalari va zamonaviy ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Mehmonlar filialining zamonaviy infratuzilmasi, o‘qitish tizimi va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarga yuqori baho berishdi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan hamda sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.