Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi amfiteatr maydonida o‘tkazilayotgan Navro‘z umumxalq bayrami sayli doirasida sport musobaqalari ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Ushbu tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali talaba-yoshlari faol ishtirok etdilar.
Bayram dasturi doirasida talabalar tomonidan o‘zbek milliy kurashi musobaqasi tashkil qilinib, unda yosh polvonlar o‘z mahorati, kuch-g‘ayrati va chapdastligini namoyon etdilar. Milliy sport turimiz bo‘lgan kurash bahslari sayl ishtirokchilariga haqiqiy sport zavqini ulashdi.
Shuningdek, filialda tahsil olayotgan Hindistondan tashrif buyurgan talabalar ham bayram tadbirlarida faol qatnashib, o‘z yurtlarining milliy sport turlaridan biri — Kabaddi bo‘yicha qiziqarli musobaqa o‘tkazdilar. Ushbu bellashuv Navro‘z sayliga xalqaro do‘stlik va madaniy almashinuv ruhini olib kirdi.