Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filialida Denov tumanida faoliyat yuritayotgan oila shifokorlari uchun tajriba-sinov loyihasi doirasida “Oilaviy shifokorlik” yo‘nalishi bo‘yicha gibrid usulda malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Mazkur o‘quv jarayonlari 2025-yil 17-dekabrdan 2026-yil 5-yanvargacha davom etdi. Kurs davomida tinglovchilarga zamonaviy tibbiy yondashuvlar, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Nazariy bilimlar masofaviy shaklda, amaliy mashg‘ulotlar esa bevosita o‘quv bazalarida tashkil etildi.
Bugun ushbu tinglovchilar amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha imtihon topshirdilar. Imtihon natijalariga ko‘ra, 45 nafar tinglovchi 2-modul imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, 2-modul bo‘yicha yakuniy test topshiriqlarini topshirishga ruxsat oldi.
Ushbu o‘quv kursi oila shifokorlarining kasbiy salohiyatini oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.