O‘rganish jarayonida filial direktori Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi Umumiy xirurgiya, bolalar xirurgiyasi, urologiya va bolalar urologiyasi kafedrasi hamda Bolalar kasalliklari propedevtikasi, bolalar kasalliklari va umumiy pediatriya professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan amaliy dars jarayonlari bilan tanishdi.
Talabalarning amaliy ko‘nikmalarni egallash jarayoni, o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarning samaradorligi hamda o‘qitish sifatiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy tibbiy yondashuvlar asosida ta’lim berish masalalari muhokama qilindi.
Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jihozlaridan foydalanish holati va ustoz-shogird an’analari asosida bilim berish tizimi tahlil etildi.
Direktor tomonidan aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi hamda ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bu kabi nazorat tadbirlari talabalarning kasbiy mahorat va mas’uliyatini shakllantirish, kelajakda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.