Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining xalqaro maydondagi imidjini oshirish, salohiyatini namoyon etish, xorijlik fuqarolarni filialda o‘qishga keng targ‘ib qilish, shu bilan birga, xalqaro hamkorlikning yangi marralariga erishish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali hamda Hindiston davlati «Medanta» klinikasi bilan 5 yil muddatga hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Ushbu memorandumga asosan TTATF delegatsiyasi Hindistonning Haryana shtati, Gurugram shahridagi Medanta klinikasiga tashrif buyurishdi.
Tashrif chog’ida delegatsiya klinika bilan tanishar ekan, TTATF direktori Furqat Otamuradov hamda Dr. Wani Akber shifokorlar bilan mahorat almashish, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek, o‘qitishning faol usullari bilan o‘zaro tajriba almashishga kelishib oldilar.
Shuningdek, zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo’nalishlaridan biri jigar va buyrak transplantatsiyasi jarrohligi bo’yicha hamkorlik ishlarini yo’lga qo’yishga kelishildi.
Ta’kidlab o‘tish lozim, prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu soha rivojiga davlat darajasida e’tibor qaratib kelayotgani ham uning naqadar muhimligini isbotlaydi. Hozirda transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazish uchun yurtimiz klinikalarida yetarli tajriba va texnik imkoniyatlar mavjud.