Avval xabar berganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatiga korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi xalqaro standarti (ISO 37001:2016) muvofiqlik sertifikati topshirildi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib bu standartning yangilangan versiyasi — ISO 37001:2025ni ham qo‘lga kiritdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, “Huquqiy eksperiment” doirasida vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan joriy yilda quyidagilar amalga oshirildi:
Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki idoraviy mexanizmlar kuchaytirilib, vazirlikning 5 ta sohaviy buyrug‘i va 14 ta ichki hujjati qabul qilindi;
Ilk marotaba 14 ta hududiy boshqarma va 63 ta tizim tashkilotida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirga bo‘ysunuvi hamda hisobdorligi belgilandi;
Vazir va hududiy boshqarma boshliqlarining xodimlar hamda jamoatchilik uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid murojaatnomasi e’lon qilindi;
Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa ta’lim muassasalarida talaba hamda tibbiyot xodimlari uchun “Tibbiyotda korrupsiyaning oldini olish” nomli maxsus fan tashkil etildi. Uning doirasida o‘tgan davrda 2 700 nafar bakalavr, 870 nafar magistr hamda 1856 nafar oliy ma’lumotli shifokor, 13 804 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘qitildi;
Tizim tibbiyot muassasalarida 52 ming nafardan ortiq xodimni qamrab olgan seminar-treninglar tashkil etildi;
Vazirlik tizimida iqtisodiy yo‘nalishda aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi (nepotizm) holatlari tahlil qilinib, jami 567 ta holatda 206 nafar xodim ishdan bo‘shatildi va 364 nafari rotatsiya qilindi;
Byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiya tahdidlarini barvaqt aniqlash va uning oldini olish maqsadida yangi preventiv tizim – “Situasion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Natijada 9,7 mlrd. so‘mlik mablag‘lar ortiqcha rejalashtirilishining oldi olindi va 247 mlrd. so‘mlik mablag‘ maqbullashtirildi;
Davlat xaridlarida tibbiy jihozlarning kafolat majburiyatini kuzatib borish yo‘lga qo‘yilib, ish va xizmat narxlari tasdiqlandi;
Korrupsiya haqida tezkor xabar beruvchi “1203” qisqa raqamli “Call-markaz” 24/7 rejimida ishga tushirildi. Joriy yilning 11 oyi davomida 500 dan ortiq murojaat kelib tushdi;
Tibbiy xizmat sifati va aholi bilan muloqotni baholash uchun “sirli mijoz” instituti joriy etildi;
Noyabr-dekabr vazirlik va uning tizim tashkilotlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilinib, buning doirasida 700 dan ortiq huquqiy-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi;
Hududlarda 235 ta “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri uyushtirilib, 20 ming nafardan ortiq jamoatchilik vakillari ishtirokida 335 ta “Ochiq muloqot” shaklidagi muhokamalar, davra suhbatlari tashkil etildi.
Tadbirda ushbu xalqaro sertifikat xalq oldidagi mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qilishi, qolaversa, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish har bir xodim zimmasidagi burch ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari vazirlik tomonidan sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Yakunda o‘z vazifasini sadoqat va fidoyilik bilan bajarib kelayotgan bir guruh soha xodimlariga tashakkurno malar topshirildi.